07.11.2019

Xitoy va Polsha bilan parrandachilik sohasidagi hamkorlik kengayadi

Xitoy va Polsha bilan parrandachilik sohasidagi hamkorlik kengayadi

O’zsanoatqurilishbank Bosh ofisida “Parrandasanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda Xitoyning Chjentszyan provinsiyasi Qishloq xo’jaligi fanlar akademiyasi hamda Polshaning Investitsiya va savdo agentligi vakillari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Prezidentimizning 2018-yil 13-noyabrdagi “Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qaroriga muvofiq, “Parrandasanoat” uyushmasi tomonidan “O’zsanoatqurilishbank” ATB bilan hamkorlikda sohani yanada rivojlantirish yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Parrandachilik yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy malakali mutaxassislar va ekspertlar bilan aloqalarni mustahkamlash, sohaga to’g’ridan-to’g‘ri xorijiy investitsiyalar va ilg’or texnologiyalarni jalb etish hamda investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun salohiyatli investorlar topish borasidagi sa’y-harakatlar shular sirasiga kiradi.

ebe77196-b9f7-43ea-8b6a-9d3c08af699e.jpg

Xitoy va polshalik qishloq xo‘jaligi vakillari bilan uchrashuv ham shu maqsadda tashkil etilib, tadbirlarda mehmonlarga O’zbekistonda parrandachilikni rivojlantirish istiqbollari xususida ma’lumot berildi. Bunda O’zsanoatqurilishbank tomonidan amalga oshirayotgan chora-tadbirlar xorijlik mutaxassislar e’tiborini tortdi.

Biz dunyoning kopgina davlatlari bilan hamkorlik qilib kelamiz. Biroq, shu kungacha hech bir mamlakatda agrosanoat tarmoqlarini rivojlantirishda banklar alohida tashabbus ko’rsatishiga guvoh bo’lmagandik. O’zsanoatqurilishbankning parrandachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlari alohida e’tiborga molikdir. Bu borada yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz, – deydi xitoylik mutaxassislar bilan muloqot chog’ida Chjentszyan provintsiyasi Qishloq xo’jaligi fanlar akademiyasi vitse prezidenti janob Vu Szinxua.

Vu Szinxua boshchiligidagi delegasiya a’zolari ishtirokidagi uchrashuvda tomonlar o’zaro hamkorlikni yangicha uslubda olib borishga kelishib olishdi. Bu davlatlarimiz o’rtasida ilgari surilayotgan “Bir kamar – bir yo’l” tashabusi doirasida samarali kechishi ta’kidlandi.

b2aa7ba2-2713-403b-8fc7-1786c37c7b0a.jpg

Polshalik mutaxassislar bilan muloqotda parrandachilik korxonalaridagi boshqaruv tizimi muhokamalar markazida bo‘ldi. Qo’shma korxonalar tashkil etish va ularni zarur uskuna va texnologiyalar bilan ta’minlashga kelishib olindi. Buning uchun agentlik O’zbekistonda o’z vakolatxonasini ochishni mo’ljallagani ma’lum qilindi.

Mehmonlar, shuningdek, parranda parvarishlash, tuxum va go’sht yetishtiruvchi ob’yektlarda bo’lib, korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Ma’lumot uchun. Xitoyning Qishloq xo’jaligi fanlar akademiyasi 1957 yilda tashkil etilgan bo’lib, u ushbu sohadagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri hisoblanadi. Akademiya Bosh ofisi Pekin shahrida joylashgan. Uning tarkibiga 42 ta institut kirib, ularda 5 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi.

Polsha Investitsiya va savdo agentligi mamlakatga to’g‘ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar jalb qilish, investorlarga huquqiy maslahat xizmatini ko’rsatish, shuningdek, chet elda polshalik kompaniyalar faoliyatini targ’ib qilish va rivojlantirish bilan shug’ullanuvchi davlat tashkiloti hisoblanadi.

Bank Axborot xizmati

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.