31.10.2019

World saving day – jamg’arishni o’rgatadigan kun

World saving day – jamg’arishni o’rgatadigan kun

31-oktyabrni “Butunjahon jamg’arish kuni” sifatida keng nishonlash 1924-yilda Milan shahri (Italiya)da o’tkazilgan Birinchi xalqaro jamg’arma banklar kongressida e’lon qilingan. Revizza ismli italiyalik professor tomonidan ilgari surilgan ushbu g’oyada nafaqat pulni tejash va jamg‘arish, balki vaqt va kuchdan samarali foydalanish, atrof muhitni asrash kabi maqsadlar ko’zda tutilgan.

Ushbu kun munosabati bilan O’zsanoatqurilishbankning barcha mintaqaviy filiallari tomonidan umumta’lim maktablarida o‘tkazilgan tadbirlar ana shu muhim mavzular doirasida tashkil etildi. 0714eacd-3455-4445-9f40-23b1e16504be.jpg

Xususan, O’zsanoatqurilishbankning Toshkent shahar mintaqaviy filiali tomonidan poytaxtimizdagi 41-sonli umumta’lim maktabda bo’lib o‘tgan “Ochiq dars”da o’quvchilar e’tiboriga badavlat bo’lish sirlari haqida keng tushuncha berildi.

– Odatda ko’pchilik jamg’arish va tejash deganda faqat pulga munosabatni tushunishadi, – deydi Bankning Toshkent shahar mintaqaviy filiali bo’lim boshlig’i Farangiz Hayitxo’jayeva. – Aslida esa, bu so’zlarni bizga tegishli bo’lgan narsa-buyumlarga nisbatan ham qo‘llash joiz. Ushbu uchrashuvda murg‘aq qalb egalariga qanday badavlat bo‘lish sirlarini mana shunday keng ma’noda tushuntirishga harakat qildik.

– Tabiatan tejamkorman, – deydi maktab o’quvchisi Charos Egamberdiyeva. –Ota-onamning tushlik uchun bergan pullarini ehtiyotkorlik bilan ishlatib, asosan yig‘ishga harakat qilaman. Bugungi “Ochiq dars”da men uchun eng qizig’i boy bo‘lish sirlari haqidagi ma’ruza bo‘ldi. Unda men tejamkorlik va jamg‘arish amali nafaqat pulga, balki narsa-buyumga nisbatan ham qo‘llanilishini tushunib yetdim. Albatta, o‘quv qurollari, kiyim-bosh, uy-ro‘zg‘or buyumlari kabilarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish ularni ishlatishni kengaytiradi va resurslarimizni tejashga yordam beradi. Shuningdek, dasrda imkoniyatlari cheklangan tabiat hamda tabiiy resurslarga ham ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish zarurligi hayotiy misollar bilan gapirildi.

“Ochiq dars”da pulning kelib chiqish tarixi, shakllari, banknotalar, omonatlar va ulardan foydalanish shartlari xususida xalqchil tilda ma’lumot berildi. Turli viktorina o‘yinlari orqali bolalarning moliyaviy savodxonligi sinab ko‘rildi. Savollarga to’g‘ri va tezkor javob bergan o‘quvchilarga bankning esdalik sovg‘alari topshirildi.

“Butunjahon jamg’arish kuni” O‘zsanoatqurilishbankning Jizzax mintaqaviy filiali tomonidan ham keng ko’lamda tashkil etildi.

Jizzax shahridagi 4-sonli umumta’lim maktabidagi tadbirlar, jumladan “Nima uchun jamg‘arish zarur” mavzuidagi insholar hamda “Mening orzumdagi bank” nomli rasm chizish tanlovi o‘quvchilar o‘rtasida katta ishtiyoq tug‘dirdi.

– Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi o’quvchilarning nafaqat moliyaviy savodxonligini oshiradi, balki ularda resurslarni jamg’arish va ularni oqilona boshqarish ko’nikmalarini shakllantiradi, – deydi maktab direktori Bobur Kamilov. – Shuningdek, bank xodimlari bilan uchrashuv o’quvchilarimizda kasbga nisbatan qiziqishini ham orttirdi.

Qayd etib o’tamiz, 31-oktyabrda yosh avlod o’rtasida jamg‘arishni o’rgatadigan kunga doir tadbirlar O’zsanoatqurilishbanknig boshqa hududlardagi filiallarida ham bo’lib o’tdi.

Bank Axborot xizmati

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.