,
29.08.2020

Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Surxondaryo mintaqaviy filiali mijozi “Temur Sement Taʼminoti” MCHJ rahbari tomonidan imtiyozli kredit ajratilmayotgani iddao qilingan videomurojaat joylangan. Ushbu murojaat Bank rahbariyati tomonidan zudlik bilan oʻrganib chiqildi.

Maʼlum boʻlishicha, “Temur Sement Taʼminoti” MCHJ Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Bogʻiobod mahallasida qurilish materiallari ishlab chiqarish maqsadida gazoblok, shlakoblok, tosh maydalash uskunalari sotib olish uchun Bankning Surxondaryo mintaqaviy filialiga 1 million AQSH dollari miqdorida kredit ajratishni soʻrab murojaat etgan.

Murojaat Bank tomonidan oʻrganib chiqilgan va quyidagi sabablarga koʻra mijozga kredit ajratish rad etilgan:

Birinchidan , kredit taʼminoti sifatida taklif etilgan garov obyektining (chorva kompleksi) jami yer maydoni 11 000 kv.m.dan iborat boʻlsa-da, shundan 3 194 kv.m.da bino-inshootlar joylashgani, buning ustiga ularda qurilish ishlari toʻliq yakunlanmagani, garov obyektining qolgan 7 806 kv.m yer maydonidan iborat ekani (“Garov toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan yer uchastkalarini garovga olinishi cheklangan) hamda garov obyektlari uchinchi shaxsga tegishli ekani inobatga olinib, bino-inshootlarni kompleks tarzda 650 mln. soʻmga baholash boʻyicha xulosaga kelingan hamda ushbu mol-mulklar taʼminoti ajratilishi rejalashtirilayotgan kredit uchun yetarli emas deb topilgan.

Shu oʻrinda qayd etish kerakki, Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida” Qonuniga asosan baholash obyektining mustaqil baholovchi hisobotida koʻrsatilgan qiymati tavsiya xususiyatiga ega boʻlib, Bank Baholash komissiyasi hamda mulk egasi oʻrtasida imzolangan dalolatnomadagi kelishilgan qiymat yakuniy hisoblanadi.

Ikkinchidan , Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-dekabrdagi “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash, faoliyati samaradorligini oshirish va kredit siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan investitsiya loyihalarini kreditlash loyiha tashabbuskorining shaxsiy mablagʻi hisobidan loyiha qiymatining 30 foizidan kam boʻlmagan miqdorda moliyalashtirilgan taqdirda amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, jamiyat tomonidan loyihadagi oʻz ulushini moliyalashtirish manbasi asoslantirib berilmagan.

Uchinchidan, korxona bank tizimida 6 oydan kam faoliyat yuritgan hamda bankdagi hisob raqamida pul aylanmalari amalga oshirilmagan. Bank Kredit siyosatining 18-bandiga asosan, Bank tizimida 6 oydan kam faoliyat yuritgan mijozlarga hamda ishonchli va doimiy moliyalashtirish manbalari boʻlmagan loyihalarga qurilishi tugallanmagan koʻchmas mulklar garovi ostida ajratiladigan kreditlar maqbul kreditlar hisoblanmaydi.

Shuni ham taʼkidlash joizki, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash orqali yangi ishlab chiqarish obyektlari, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga hissa qoʻshishga hamisha tayyordir. Ayni paytda Bank “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasi, qolaversa, tadbirkorlik subyekti sifatida moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq qarorlar qabul qilishda mustaqil ekanini eslatib oʻtamiz.

Bank Axborot xizmati


Oxirgi yangilanish sanasi: 30.08.2020 13:07

JOYDA - mobil banking

Telefoningizdagi qulay ilovadan foydalangan holda kunlik to'lovlarni amalga oshiring