,
27.07.2020

Raqamli iqtisodiyot uchun kadrlar

Raqamli iqtisodiyot uchun kadrlar

Bank-moliya akademiyasi Oʻzsanoatqurilishbank bilan hamkorlikda Keys-chempionat oʻtkazmoqda.

Raqamli iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash har bir oliy oʻquv yurti uchun ustuvor yoʻnalishga aylanishi zarur. Raqamli transformatsiya sohasidagi ekspertlar fikricha, yosh mutaxassislarni oʻtgan asr usullari, darsliklari va qoʻllanmalari asosida oʻqitish ularning rivojlanishini sustlashtirib, foydadan koʻra koʻproq zarar yetkazishi mumkin.

Bank-moliya akademiyasi yangi oʻquv yilida “Moliya va moliya texnologiyalari” mutaxassisligini joriy etmoqda. Mazkur mutaxassislik boʻyicha bank va moliya xizmatlarini raqamlashtirish sohasida loyiha rahbarlari oʻqitiladi. Ushbu mutaxassislar tufayli yangi mobil ilovalar va onlayn-servislar ommalashadi.

Magistraturada taʼlim olish uchun munosib nomzodlarni tanlash maqsadida Akademiya yoshga, bazaviy taʼlim va soha boʻyicha ish tajribaga doir cheklovlarni bekor qildi. Bu oʻrinda endi axborot texnologiyalar va matematika sohasida bazaviy maʼlumotga ega mutaxassislar afzal koʻriladi.

“Akademiyaga qabul Keys-chempionat shaklida boʻlib oʻtmoqda. Biz har kuni tanlovda ishtirok etish uchun yuzlab arizalar olmoqdamiz, nomzodlarning qiziqishi juda katta, chunki Oʻzbekistonda magistraturaga qabul ilk bor bunday usulda tashkil etilmoqda”, - dedi Bank-moliya akademiyasi prorektori v.v.b., iqtisod fanlari doktori Zafar Berdinazarov.

Aynan Ochiq Keys-chempionat ishtirokchilari uchun Akademiya rahbariyati AQSH, Qozogʻiston, Misr, Rossiya, Oman va boshqa mamlakatlardan boy amaliy tajribaga ega ekspertlarni jalb qildi.

Keys-chempionat davomida ishtirokchilar quyidagi dolzarb masalalar boʻyicha oʻz yechimlarini taklif etadi:

- 2030 yildagi moliya tashkilotlari va banklar haqida tasavvur;

- iqtisodiy oʻsishni taʼminlash va inflyatsiyani pasaytirish usullari;

- kapital bozori hajmini YAIMning 10 foizigacha oshirish yoʻllari;

- soliq tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish;

- pandemiya sharoitida iqtisodiy oʻsishni taʼminlash;

Faqat birinchi hafta davomida Bank-moliya akademiyasi saytida (qabul.bfa.uz) 700 dan ziyod nomzodlar roʻyxatdan oʻtdi. Ularning ayrimlari bilan tanishamiz:

Sarvarjon Mizrobov, Navoiy togʻ-metallurgiya instituti bitiruvchisi, Akademiyada yaratilgan imkoniyatlardan foydalanmoqda, oʻz bilim va iqtidorini namoyon etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Islam Iskanov, Toshkentdan, Asia Alliance Bank mutaxassisi, Toshkent moliya instituti bitiruvchisi: “Akademiyada iqtidorli yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, shu bois men Keys-chempionatda yuqori koʻrsatkichlarga erishish uchun barcha kuch va salohiyatimni ishga solaman”.

Avezjon Abdulloyev, Buxoro davlat universiteti 3 bosqich talabasi: “Men Xitoy, Turkiya, Qozogʻiston, BAA kabi xorijiy mamlakatlarda malaka oshirganman va hozirda taʼlim olishni davom ettirmoqdaman. Ilk Keys-chempionat haqida eshitganimda, unda ishtirok etishga qaror qildim. Maqsadim – Bank-moliya akademiyasida yaratilgan imkoniyatlardan foydalanish va mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga hissa qoʻshishdir”.

“Bank-moliya akademiyasida ishga yangicha yondashuvlar eng sara ish beruvchilar eʼtiborini jalb qilmoqda. Agrobank, Milliy bank, Asaka bank, Hamkorbank va Kapitalbank magistraturada oʻqish uchun oʻz grantlarini ajratishga tayyor ekanligini bildirdi, davlat organlari xodimlari keys-chempionatda gʻolib boʻlib, davlat taʼlim grantini qoʻlga kiritishi mumkin” - dedi Akademiya kafedra mudiri, iqtisod fanlari doktori Fozliddin Allayarov.

Bank-moliya akademiyasi Oʻzsanoatqurilishbank bilan hamkorlikda barcha nomzodlarga omad tilagan holda Keys-chempionatga roʻyxatdan oʻtish 2020 yil 1 avgustga qadar ochiq ekanligini eslatib oʻtadi.


Oxirgi yangilanish sanasi: 27.07.2020 17:01

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.