25.06.2019

Raddiya: filial faoliyatiga qilingan e’tiroz asossiz

Raddiya: filial faoliyatiga qilingan e’tiroz asossiz

Telegram messenjeridagi “SizdanTelegram” (Ozodnews) kanali orqali “O‘zsanoatqurilishbank filiali o‘z vaqtida ochilmadi, odamlar issiqda navbat kutdi” nomli xabarda qayd etilgan holatlar Bank Boshqaruvi tomonidan o‘rganildi.

Xabarda ish vaqti soat 9:00 dan belgilangan bo‘lsa-da, O‘zsanoatqurilishbank Qarshi filiali 2019 yil 20 iyun kuni soat 10:00 da ham ochilmagani, naqd pulga kelgan odamlar issiqda kutib qolgani aytilgan.

O‘rganishlar davomida Qarshi shahridagi Qashqadaryo mintaqaviy filiali binosiga o‘rnatilgan videokameralardagi yozuvlar 2019 yil 20 iyun kuni bank xodimlari soat 8:10 dan ishga kela boshlagani, bank front ofisida mijozlar odatdagidek soat 9:00 da qabul qilina boshlangani aniqlandi.

Bu holat ijtimoiy tarmoqdagi xabarda filialning ish faoliyatiga emas, balki u yerga o‘rnatilgan bankomatning ish tartibiga e’tiroz bildirilganini ko‘rsatadi. Chunki 20 iyun kuni bankomatlar uchun naqd pullar kassa xodimlari tomonidan 9:12 da berilgani, qurilmalarga naqd pul joylashtirish 9:30 da tugatilib, mijozlarning naqd pul yechish imkoni 9:35 da boshlangani aniqlandi.

Xabarda qayd etilgan holatlar bank jamoasi tomonidan atroflicha muhokama qilinib, xodimlarga ish samaradorligi va mehnat unumdorligini oshirish, ijro intizomi va kasb etikasiga qat’iy rioya qilish yana bir bor eslatib o‘tildi.

Bank Axborot xizmati

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.