29.07.2019

“PSB INSURANCE” sug‘urta kompaniyasi rahbari - “Taraqqiyot” respublika tanlovi sovrindori

“PSB INSURANCE” sug‘urta kompaniyasi rahbari - “Taraqqiyot” respublika tanlovi sovrindori

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB huzuridagi “PSB INSURANCE” sug‘urta kompaniyasi rahbari Abdulaziz Xalilov istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi sovrindoriga aylandi.

Joriy yilning 27 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi g‘oliblari va final bosqichi ishtirokchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Birinchi marta o‘tkazilgan ushbu nufuzli tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yilning 30 maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, har uch yilda bir marta o‘tkaziladi.

Tanlov davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq, moliya, sanoat, iqtisodiyot, AKT, qishloq xo‘jaligi, arxitektura va qurilish, soliq, bojxona, fan-ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash, tashqi siyosat, transport-logistika sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi kabi 16 nominatsiya bo‘yicha o‘tkazildi.

Istiqbolli boshqaruv kadrlarining tizimli asosda tanlab olinishini ta’minlash, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari tizimida ularning kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan tanlovda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB huzuridagi “PSB INSURANCE” sug‘urta kompaniyasi bosh direktori Abdulaziz Xalilov ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Tanlovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi mas’ul xodimlari, Davlat boshqaruvi akademiyasi professor-o‘qituvchilaridan iborat hakamlari tomonidan Abdulaziz Xalilovning ishtiroki yuksak baholanib, “Moliya-kredit sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan boshqaruv kadrlar zaxirasini shakllantirib borishga qaratilgan mazkur tashabbusi o‘z bilim va iqtidorimizni to‘la namoyon etish uchun noyob imkoniyat bo‘ldi, – deydi Abdulaziz Xalilov. – Ushbu sovrin, qolaversa, bildirilgan ishonchdan boshim osmonga yetdi. Ayni vaqtda bank-moliya sohasidagi bilimlarimni yanada kengaytirib, Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida bor salohiyatimni ishga solaman.

Abdulaziz Xalilov 2004 yildan beri bank-moliya sohasida ishlab kelmoqda. Bank-moliya akademiyasi, Biznes va boshqaruv respublika oliy maktablarini tamomlagan.


Bank Axborot xizmati

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.