,
15.09.2020

Plastik kartadagi pullarni firibgarlardan qanday saqlash kerak?

Plastik kartadagi pullarni firibgarlardan qanday saqlash kerak?

Pandemiya sharoitida plastik karta bilan bajariladigan amaliyotlar ortib borishi bilan plastik kartalardan mablagʻlarni oʻzlashtirish (oʻgʻirlash) bilan bogʻliq firibgarlik holatlari ham ortmoqda. Ayniqsa, internet tarmogʻi, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda yangidan yangi firibgarlik turlari paydo boʻlmoqda.

Xususan, soʻnggi paytlarda telegram messenjeridagi turli kanallarda “guruhga shuncha odam qoʻshsangiz, hisobingizga buncha mablagʻ oʻtkazib beramiz” mazmunidagi eʼlonlar koʻpayib bormoqda. Ularning shartlarini bajarganingizdan soʻng firibgarlar oʻzini bank xodimi yoki turli aksiyalar tashkilotchisi sifatida tanishtirib, kartaga maʼlum miqdorda pul oʻtkazib berishini, buning uchun esa karta raqamini va karta egasining mobil telefoniga kelgan “tasdiqlovchi kod”ni soʻrashadi.

Ushbu kodni ularga zinhor oshkor qilmaslik kerak hamda bunday shaxslar haqida ichki ishlar organlariga xabar berish maqsadga muvofiq.

Maʼlumki, xalqaro toʻlov kartalarida ikki turdagi xavfsizlik kodi mavjud boʻlib, terminal va bankomatlar uchun 4 xonali pinkod hamda internet orqali toʻlovlarni amalga oshirishda qoʻllaniladigan CVV (CVC) kodlardan iborat. Bank kartasining 4 xonali pin-kodi kartani mijozga taqdim etish jarayonida maxsus konvertda yashirilgan boʻladi. Internet orqali toʻlovlarni amalga oshirishda qoʻllaniladigan CVV (CVC) kod esa bank kartasining orqa qismiga yozilgan boʻladi. Internet orqali toʻlovlarni amalga oshirish uchun elektron tijorat tashkilotining internet veb-saytida bank kartasining old tomonidagi rekvizitlar va orqa tomonidagi CVV (CVC) kodlarini kiritish kifoya qiladi va dunyoning istalgan joyidan internet orqali toʻlovni amalga oshirish mumkin.

Internet orqali amalga oshiriladigan xaridlarda zarur summani asosiy kartadan qoʻshimcha virtual “Visa” kartasiga oʻtkazib, toʻlovni virtual karta rekvizitlari orqali amalga oshirish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, xalqaro bank kartalari egalaridan bank kartasi rekvizitlari va CVV (CVC) kodlarini begona shaxslarga oshkor qilmaslik va internet-sayt “3D secure” xavfsizlik xizmatini ishlatgan taqdirda toʻlovlarni amalga oshirish jarayonida undan foydalanish lozim.

Muhim eslatmalar!

  • Agar sizga kimdir pul oʻtkazishni xohlasa unga plastik kartangizni raqamini berish yetarli. Boshqa maʼlumotlarni oshkor qilmang.

  • Agar sizga bank nomidan shubhali qoʻngʻiroq yoki SMS xabarnoma kelsa, oʻzingiz bankka qoʻngʻiroq qilib aniqlik kiriting.

  • Internet tarmogʻida va ijtimoiy tarmoqlardagi har xil mobil ilovalarni telefoningizga yuklab olmang hamda ularga kodlarni kiritmang.

  • Tranzaksiyalar toʻgʻrisida xabarnoma xizmatini yoqtiring, iloji boʻlsa karta orqali qilinadigan sarf-xarajatlarga cheklov (limit) oʻrnating.

  • Agarda plastik karta hisob raqamingizdan pul oʻgʻirlanganini bilsangiz zudlik bilan bankka hamda ichki ishlar organlariga murojaat qiling.

  • Kiberjinoyatchilar ijtimoiy tarmoqlar orqali har xil vajlar bilan karta egalariga SMS-xabarnomalar joʻnatmoqda. Bunday xabarlarga aslo javob bermang.

  • Savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalarida toʻlovni amalga oshirish chogʻida esa begona shaxslarga shaxsiy PIN-kod raqamini oshkor qilmang.

Bank Axborot xizmati


Oxirgi yangilanish sanasi: 15.09.2020 16:46

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.