13.11.2019

Parrandachilikni xorijiy hamkorlikda rivojlantirish istiqbollari

Parrandachilikni xorijiy hamkorlikda rivojlantirish istiqbollari

Prezidentimiz tomonidan 2018-yil 13-noyabrda qabul qilingan “Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qaror parrandachilik klasterlarini tashkil etish orqali sohada qator yutuqlarga erishishni ta’minlamoqda.

Bugungi kunda yurtimizda 81 milliondan ziyod parranda boqilayotgan bo‘lib, ular soni oxirgi 3 yilda 1,3 baravarga ko‘paygan. Tuxum va parranda go‘shtini yetkazish ham mutanosib ravishda o‘sib bormoqda. Bu boradagi raqamlarni aholi jon boshiga taqsimlaydigan bo‘lsak, mamlakatimizda tuxum yetishtirish kishi boshiga 228 donaga, parranda go‘shti ishlab chiqarish esa 6 kg.ga to‘g‘ri kelmoqda.

Yuqoridagi qarorga muvofiq, “Parrandasanoat” uyushmasi tomonidan O‘zsanoatqurilishbank bilan hamkorlikda sohani yanada rivojlantirish yo‘lidagi izlanishlar izchil davom ettirilmoqda.

Parranda nasilchiligini yaxshilash hamda parranda mahsulotlarini ishlab chiqarish sifatini oshirish maqsadida xorijiy kompaniyalar bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda.

Xususan, Janubiy Koreyaning xonaki tovuqlaridan nasilli jo‘jalar yetishtirishga ixtisoslashgan “Xan Xyu brider” kompaniyasi tomonidan yurtimizga Xan Xyu zotidan o‘n ikki mingta jo‘ja olib kelindi.

Ma’lum qilinishicha, bunday zotli jo‘jalar tez semiradi. 18 haftada vazni 1,5 kg.gacha tosh bosadi. 120-150 kunda inkubatsion tuxum bera boshlaydi.

– Xan Xyu naslli ona tovuqlarning bizga yoqqan jihatlari – ular O‘zbekiston iqlimi va aholi xonadonlariga moslashgan, ozuqa tanlamaydi, – deydi Toshkent viloyatidagi “Farovon parranda biznes” korxonasi rahbari Anvar Sharipov. – Shuningdek, ularda turli hurujli kasalliklardan himoyalanuvchi immunitet shakllangan. Biz birinchilardan bo‘lib, ushbu turdagi jo‘jalarni parvarishlagan holda, respublikamizda parrandachilik mahsuldorligini oshirishga hissa qo‘shayotganligimizdan mamnunmiz.

Prezidentimiz tashabbusi bilan paxtachilik sohasida joriy etilgan va qisqa muddatda o‘z samarasini bergan klaster tizimi parrandachilik yo‘nalishida ham yuqori natijalarni bermoqda.

Xorazm viloyatidagi “Qo‘shko‘pir klaster” korxonasi faoliyati bunga misol bo‘la oladi. Majmua qurilishi Prezidentimizning o‘tgan yil Xorazm viloyatiga qilgan tashriflaridan so‘ng boshlangan.

Parranda xo‘jaligi uchun omuxta yem ishlab chiqarish hamda arzon narxlarda tuxim va go‘sht yetkazib berish maqsadida barpo etilayotgan klaster loyihasi hajmi 32 mlrd. so‘mga teng bo‘lib, uni amalga oshirishda O‘zsanoatqurilishbank tomonidan moliyaviy ko‘mak berilmoqda.

Bankdan ajratilgan 25 mlrd. so‘mlik kredit evaziga Xitoydan 100 mingta broyler jo‘jasini boqish texnologiyasi, soatiga 10 ming tonna ozuqa ishlab chiqarish va soatiga 1,5 mingta tovuqni so‘yish quvvatiga ega uskunalar xarid qilindi. Mazkur loyihalar to‘liq ishga tushirilganidan so‘ng klasterning bir yillik tovuq boqish quvvati 600 mingtagacha yetkazilib, yiliga 1020 tonna tovuq go‘shti ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Ayni paytda “Parrandasanoat” uyushmasi huzurida O‘zsanoatqurilishbank hamda Xitoy Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi Parrandachilik instituti bilan hamorlikda barcha parranda xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy ilmiy-diagnostika laboratoriya markazi tashkil etilmoqda.

Markazda parranda kasalliklarining oldini olish, aniqlash, ularga qarshi kurashishning samarali mexanizmi hamda parrandalarni oziqlantirish uchun ilmiy asoslangan me’yorlar ishlab chiqiladi, parrandalarga berilayotgan ozuqa bazasining tarkibi va sifati monitoring qilinadi.

Shuningdek, barcha turdagi parranda go‘shti va tuxumlaridan foydalangan holda umumiy, bolalar, parhez va maxsus ovqatlanishning yangi turdagi mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan texnologik jarayonlar hamda parrandachilik xo‘jaliklari texnologik loyihalari me’yorlarini ishlab chiqish va ilmiy asoslash ham laboratoriya zimmasidagi vazifalar hisoblanadi.

Bugun dunyoda go‘sht maxsulotlari orasida yetishtirish va iste’moli bo‘yicha parranda go‘shti ikkinchi o‘rinda turadi. Xitoy, AQSh, Yaponiya, Rossiya kabi rivojlangan davlatlar xalqlari parranda mahsulotlari eng ko‘p iste’mol qiluvchilar sanaladi.

Mamlakatimizda ham ushbu parhez mahsulotlarni yetishtirish hajmini oshirish sa’y-harakatlari tobora kuchaymoqda. Xorij tajribasi chuqur o‘rganilmoqda, xalqaro hamkorlik kengaytirilmoqda, ilg‘or texnologiyalar asosida innovatsion loyihalar ishga tushirilmoqda.

“Farovon parranda biznes”, “Qo‘shko‘pir klaster” kabi zamonaviy shaklda ish boshlayotgan korxonalar faoliyati bunga yaqqol misoldir.

Bank Axborot xizmati

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.