22.07.2019

O‘zsanoatqurilishbankda zamonaviy biznes modeli joriy etilmoqda

O‘zsanoatqurilishbankda zamonaviy biznes modeli joriy etilmoqda

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 21 dekabrdagi “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, faoliyati samaradorligini oshirish va kredit siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi bilan ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan tijorat banklarida faoliyat samaradorligini oshirish, ilg‘or tajriba va xalqaro standartlar asosida faoliyat yurituvchi barqaror va raqobatbardosh moliya tashkilotiga aylantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Qayd etish kerakki, “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan mazkur vazifalarni to‘laqonli hayotga tatbiq etishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi ikki yilda Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) bilan hamkorlikda bankni ilg‘or bank amaliyoti va xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritadigan moliyaviy barqaror va raqobatbardosh muassasaga transformatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

O‘tgan davrda XMK konsultantlari ishtirokida bankda diagnostika ishlari – moliya muassasasidagi joriy holat barcha yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur tahlil qilindi.

Tahlil natijalaridan kelib chiqib bankni zamonaviy talablar asosida isloh etishga qaratilgan bankning yangi biznes modeli ishlab chiqildi.

Bugungi kunga kelib loyihaning 3-bosqichi, ya’ni xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan zamonaviy biznes modelini amaliyotga joriy qilish ishlari olib borilmoqda.

Bunda biznes jarayonlarni optimallashtirish bankning mijozlari uchun eng asosiy omillardan biri hisoblanadi. Shuni e’tiborga olgan holda XMK konsultantlari bilan hamkorlikda xalqaro talablarga mos sotuv va xizmat ko‘rsatish tizimlari amalga tatbiq etilmoqda.

Transformatsiya jarayonining yana bir muhim jihati – Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib “O‘zsanoatqurilishbank”da “yashil bank” – “green bank” tamoyillarini joriy etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda “Green banking” moliyalash tizimini joriy qilish uchun zarur ekotizim, yangi bank mahsulotlari va ularni sotish mexanizmlari ishlab chiqilmoqda hamda xodimlarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Muxtasar aytganda,  “O‘zsanoatqurilishbank”ning transformatsiya qilinishi milliy iqtisodiyotga chet el investitsiyalarini yanada ko‘proq jalb etish, xorijiy sarmoyadorlarning O‘zbekiston bozorlariga kirib kelishi uchun qulaylik yaratadi. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiyotining jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini jadallashtirib, pirovardida xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.


 

Xalqaro moliya korporatsiyasi – moliya-bank sohasida yetakchi, nufuzli xalqaro konsalting kompaniyasi hisoblanadi. XMK moliyaviy injiniring va risklarni boshqarishga doir xizmatlarni ko‘rsatadi, sarmoyalar kiritadi, xususiy sektorni rivojlantirishga kapital hamda mavjud muammolarni hal qilishning innovatsion yechimlarini topish orqali ko‘maklashadi, amalga oshirilayotgan loyihalarga uchinchi shaxslardan investitsiyalar jalb qiladi.

“Green bank” – Xalqaro bank amaliyotida ushbu mexanizm bankda ishlab chiqarish ob'yektlarining atrof-muhitga zararli ta’sirini kamaytirishga va energiya tejamkorligini oshirishga qaratilgan moliyalashtirish mexanizmlari va xizmat turlarini amalga tatbiq etishni ko‘zda tutadi.

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.