,
30.07.2020

Oʻzsanoatqurilishbankda yil sarhisob qilindi, istiqboldagi rejalar belgilab olindi

Shu yilning 29 iyul kuni Oʻzsanoatqurilishbank aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Videokonferensaloqa orqali oʻtkazilgan yigʻilishda bankning 2019 yilgi faoliyati yakunlari sarhisob qilinib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi bank sektorining moliyaviy barqarorligini oshirishga oid birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori Oʻzsanoatqurilishbank faoliyatida tub burilish yasadi.

Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 maydagi “2020-2025 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni bilan bankni xususiylashtirish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi.

Endilikda bank faoliyatini mijozlarga yoʻnaltirish, transformatsiya jarayonlarini oʻz vaqtida yakuniga yetkazish – Oʻzsanoatqurilishbankda ustuvor vazifaga aylandi.

Qayd etish kerakki, Oʻzsanoatqurilishbankda bankni transformatsiya qilish boʻyicha amalga oshirilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar, bunda Xalqaro moliya korporatsiyasining tajribali ekspertlari bilan hamkorlik samarasida 2019 yilda salmoqli yutuqlarga erishildi.

Jumladan, 2019 yilda bank sof foydasi 2018 yilga nisbatan 3 barobarga ortdi. Sof foyda xajmi bilan respublika banklari orasida avvalgi yillardagi 8-oʻrindan 2-oʻringa koʻtarildi. Bank aktivlarining rentabelligi 0,9%dan 2%ga, kapital rentabelligi 10%dan 18,4%ga koʻtarildi.

Operatsion daromadlar 2 barobarga, foizsiz daromadlar 2,5 barobarga oshirishga erishildi. Kredit portfelini diversifikatsiyalashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida, portfelda kichik biznes kreditlari ulushi 45%ga, chakana kreditlar ulushi 11%ga yetdi.

Hisobot yilida, plastik karta xizmatlaridan daromadlar 2,8 barobarga, qimmatli qogʻozlar bilan amaliyotlar daromadi 3,6 barobarga, akkreditiv xizmatlaridan daromad 1,3 barobarga oshirildi.

London fond birjasida bankning 300 mln. dollarlik debyut yevrobondlari joylashtirdi va bank xalqaro kapital bozori ishtirokchisiga aylandi. Shu bilan birga, 200 mlrd. soʻmlik depozit sertifikatlari va 150 mlrd.soʻmlik korporativ obligatsiyalar muomalaga chiqarildi.

Eʼtiborlisi, bank kapitalining 2,2 barobarga, depozit bazasining 1,8 barobarga oshirilishi natijasida 2019 yilda kapital yetarliligi, likvidlik boʻyicha barcha meʼyorlarga toʻliq rioya qilindi. Kapitallashuv darajasi boʻyicha bankning respublika banklari orasidagi mavqei yana bir pogʻonaga koʻtarildi.

Oʻzsanoatqurilishbank Thomson Reuters kompaniyasi tomonidan FX-Trading yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekistonning eng faol banki sifatida, Osiyo taraqqiyot banki va Xususiy sektorni rivojlantirish Islom korporatsiyasi tomonidan eng yaxshi hamkor bank sifatida eʼtirof etildi.

Shuningdek “Standard & Poorʻs” va “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentliklari bankning xalqaro reytingini “BB-” darajasiga koʻtardi, “Axbor reyting” agentligining xizmat koʻrsatish sifati boʻyicha esa eng yuqori - qA1 reytingi qoʻlga kiritildi.

Yigʻilish davomida aksiyadorlar eʼtiboriga hisobot yilida amalga oshirilgan ishlar xususida videolavha namoyish etildi. 2019-2021 yillarda bankni rivojlantirish strategiyasi, bunda Oʻzsanoatqurilishbankni bozor sharoitlarida faoliyat koʻrsatadigan birinchi raqamli universal tijorat bankiga aylantirish maqsadida olib borilayotgan transformatsiya ishlari faol tarzda davom ettirilishi maʼlum qilindi.

Bank Axborot xizmati


Oxirgi yangilanish sanasi: 03.08.2020 12:27

JOYDA - mobil ilovasi

Onlayn bank va muddatli to'lovga maxsulotlar do'koni sizning telefoningizda