,
13.05.2020

Oʻzsanoatqurilishbankda masofaviy taʼlim shakllaridan faol foydalanilmoqda

Oʻzsanoatqurilishbankda masofaviy taʼlim shakllaridan faol foydalanilmoqda

Koronavirus pandemiyasi sababli taʼlim tizimi shiddat bilan onlayn platformalarga “koʻchib” oʻtmoqda. Xodimlar malakasini oshirishga doimiy eʼtibor qaratib keladigan Oʻzsanoatqurilishbank ham masofaviy taʼlim jarayonlaridan chetda qolayotgani yoʻq.


Prezidentimiz tomonidan bank tizimini xalqaro ilgʻor xorijiy tajribaga muvofiqlashtirish, bu borada raqamli iqtisodiyot yutuqlarini qoʻllash lozimligi vazifasi qoʻyilgan. Oʻzsanoatqurilishbank tizimida ushbu topshiriq ijrosini taʼminlash, qolaversa, transformatsiya jarayonlarida sohaning barcha yoʻnalishlari, shu jumladan kadrlar salohiyatini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bank Oʻquv markazi Taraqqiyot markaziga aylantirildi. U yerda oʻqishlar kunduzgi va masofaviy shaklda zamonaviy uslublarda olib borilishi yoʻlga qoʻyildi. Bu yerda qisqa muddatli kurslar, seminarlar, treninglar, davra suhbatlari, sayyor oʻquv modullari tashkil etilmoqda.


Oʻquvlar Bankning strategik va biznes rejalaridan kelib chiqib, xodimlar bilim va malakasini oshirish “hard” va “soft” yoʻnalishlarida olib borilmoqda.

Masofaviy oʻqitish tizimida esa vebinarlar tashkil etish, turli onlayn taʼlim platformalaridan samarali foydalanish, ishtirokchilar qamrovini kengaytirish va xodimlar oʻrtasida ommalashtirish vazifalari belgilangan.


Bank xodimlarini YETTBning rsbp-ca onlayn oʻqitish platformasiga jalb qilish ham ushbu vazifalar doirasida tashkil qilindi. Unda mingga yaqin xodimlar roʻyxatdan oʻtib, bugungi kunga qadar ularning 250 nafardan ziyodi oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagani toʻgʻrisida guvohnomaga ega boʻldi.

– Pandemiya sharoitida xodimlar uchun rsbp-ca onlayn platformasida oʻqish imkoniyatining mavjudligi ayni muddao boʻldi, – deydi Taraqqiyot markazi direktori birinchi oʻrinbosari Umida Saidova. – Ular vaqtdan unumli foydalangan holda, bugungi kunda tizimning muhim yoʻnalishlari boʻlgan korporativ boshqaruv va risklarni boshqarish, mikrokreditlash, kichik biznes sohasidagi mijozlar bilan ishlash, agrobiznes subyektlarini kreditlash, mijozlarni jalb etish va tahliliy jarayonlar kabi muhim mavzular doirasida yangi bilim va koʻnikmalar olishga muvaffaq boʻldi.

Shuningdek, Bankda masofaviy taʼlim ichki “e-learning” tizimi hamda boshqa videomuloqot platformalaridan foydalangan holda ham olib boriladi. Mazkur masofaviy oʻqitish platformalari xodimlar kasbiy koʻnikmalarini oshirishning uzluksizligini taʼminlashi va bu borada xarajatlarni optimallashtirishi bilan ahamiyatlidir.

Bugungi kunda ushbu tizimda Bankning 600 nafardan ziyod xodimi taʼlim olmokda.


Masofaviy oʻquv kurslari mutaxassislik, umumiy va shaxsiy rivojlantirish yoʻnalishlari boʻyicha guruhlashtirilgan boʻlib, oʻqishlar nafaqat xodimlarning professional oʻsishi, balki shaxs sifatida ham yuksalishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Bunda IT texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, til oʻrganish, yetakchilik, vaqtni boshqarish va boshqa bir qator yoʻnalishlar boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etilmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, Oʻzsanoatqurilishbank tizimidagi oʻquv jarayonlari bugungi pandemiya davrida yangi sharoitlarga toʻlaqonli moslashib, nafaqat mahalliy, balki xorijiy oʻquvlarda ham xodimlarning ishtiroki taʼminlanmoqda. Bu esa, pirovardida, aholiga sifatli xizmat koʻrsatish, operatsion risklarni kamaytirish, turli shakldagi biznes subyektlar bilan individual ishlashning yangicha mezonlarini oʻzlashtirib, bankni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bank Axborot xizmati


Oxirgi yangilanish sanasi: 13.05.2020 15:47

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.