,
10.11.2020

Oʻzsanoatqurilishbankda anderrayting tizimi yoʻlga qoʻyildi

Anderrayting tizimi Bank tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga ajratiladigan kredit hujjatlarining ortiqcha byurokratik toʻsiqlarsiz, qisqa muddatda koʻrib chiqilishini taʼminlaydi.

Bank tizimida Prezidentimizning 2020 yil 12 maydagi “2020-2025 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida xizmat koʻrsatishning zamonaviy standartlari joriy qilinmoqda.

Xalqaro moliya korporatsiyasi tavsiyalariga asosan kredit ajratishning markazlashtirilgan – anderrayting tizimiga oʻtkazilishi bu boradagi ishlarning amaliy ifodasidir.

Soʻnggi vaqtlarda zamonaviy bank amaliyotiga keng tatbiq etilayotgan anderrayting kredit olish istagini bildirgan potensial qarzdorning moliyaviy holati va uning kreditni qoplay olish imkoniyatini tahlil qilishning bir qator jarayonlarini oʻz ichiga olgan tizimdir.

Anderrayting kredit ajratish jarayonining shaffof boʻlishini taʼminlab, kredit boʻyicha masʼul shaxslar tomonidan xolislik tamoyili asosida, shaxsiy manfaatlar ishtirokisiz qaror qabul qilish imkoniyatini yaratadi. Bu esa kredit ajratish jarayonlarida korrupsiogen holatlarga yoʻl qoʻyilmasligiga xizmat qiladi.

Oʻzsanoatqurilishbankda anderrayting tizimining joriy qilinishi natijasida Bank mijozlarining kredit hujjatlarini koʻrib chiqish va xulosa berishdagi koʻp bosqichli tizimidan voz kechilib, ularning filial komissiyasi muhokamasiga kiritilishi bekor qilinmoqda.

2021 yilning yanvar oyidan boshlab kichik biznes va xususiy tadbirkorlarga modulli kreditlar ajratish yuzasidan qaror Bankning anderrayterlar guruhi tomonidan qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Qayd etish lozimki, Bank tizimida mijozlarga yanada qulayliklar yaratish va ularga jozibador kredit turlarini taqdim qilish maqsadida kredit ajratish bosqichlari 6 tadan 3 taga, muddati loyiha qiymati va maqsadidan kelib chiqib, 10 kundan 1 kungacha qisqartirildi, korxonalarning mulkchilik shakli, kredit maqsadi, faoliyat turidan kelib chiqib qator yangi kredit mahsulotlari joriy etildi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzsanoatqurilishbankda Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda Bankni xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan moliya muassasasiga aylantirishga qaratilgan transformatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda. Bunda Bank xizmatlarining mijozga yoʻnaltirilganligi asosiy mezonlardan biri hisoblanadi.

Bank Axborot xizmati



Oxirgi yangilanish sanasi: 10.11.2020 22:06

JOYDA - mobil ilovasi

Onlayn bank va muddatli to'lovga maxsulotlar do'koni sizning telefoningizda