,
19.06.2020

“Oʻzsanoatqurilishbank” 50 million AQSH dollariga teng taʼminlanmagan sintetik kredit jalb qildi

“Oʻzsanoatqurilishbank” 50 million AQSH dollariga teng taʼminlanmagan sintetik kredit jalb qildi

“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB xalqaro investorlar orasida milliy valyutada 3 yillik taʼminlanmagan kredit notalarini xususiy tarzda joylashtirish orqali 50 million AQSH dollariga teng moliyalashtirishni jalb qildi.

Jahon fond bozorlarida koronavirus pandemiyasi taʼsirida kuzatilayotgan noaniqlik va tebranishlarga qaramay, Oʻzsanoatqurilishbankning kredit notalarga yetakchi investor sifatida ishtirok etgan Eaton Vance Management va uning affillingan fondlari bilan salmoqli bitimni muvaffaqiyatli amalga oshirdi, bu esa xalqaro investorlarning Oʻzbekiston Respublikasidagi sifatli qarz oluvchilarga qiziqish mavjudligidan dalolat beradi. Oʻzsanoatqurilishbankning mavqei biznes-modeli, moliyaviy koʻrsatkichlari va barqarorligi mazkur bitimni muvaffaqiyatli amalga oshirishga koʻmaklashdi.

Taʼkidlash joizki, ushbu kelishuv mamlakatimiz bozori uchun noanʼanaviy boʻlgan qarz instrumentlaridan foydalangan holda tizimlashtirildi. Niderlandiya Qirolligida tashkil etilgan maxsus moliyaviy tuzilmaning oʻzbek soʻmida denominatsiya qilingan kredit notalarini xususiy tarzda joylashtirish vositasida Oʻzsanoatqurilishbankni moliyalashtirish amalga oshirildi. Jalb qilingan mablagʻlar mamlakatimizda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash va ish oʻrinlarini yaratishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasini moliyalashtirishga qaratiladi hamda bankning valyuta tavakkalchiligini kamaytirish imkonini beradi.

Bu bankning xalqaro bozorlarda qarz instrumentlarini ikkinchi bora joylashtiruvi boʻlib, 2019 yil oxirida Oʻzsanoatqurilishbank London fond birjasida 300 million AQSH dollari miqdoridagi ilk korporativ yevroobligatsiyalarini chiqargan edi.

Eaton Vance Management va uning affillangan fondlari (Eaton Vance) butun dunyo boʻyicha investorlarga investitsion strategiyalar va aktivlarni boshqarish sohasida ilgʻor yechimlarni taqdim etmoqda. 2020 yil 30 aprel holatiga koʻra, Eaton Vance boshqaruvidagi birlashtirilgan (konsolidatsiya qilingan) aktivlari 465,3 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi.

Catara Consulting Europe kreditni tuzilmalashtirishni amalga oshirdi, White & Case LLP va Kinstellar esa yuridik maslahatchi sifatida qatnashdi.

 

Bank Axborot xizmati


Oxirgi yangilanish sanasi: 19.06.2020 09:28

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.