,
15.10.2020

Oʻzbekistonda yagona kulolchilik majmuasi faoliyatini boshlashga tayyorgarlik koʻrmoqda

Ayni kunlarda Fargʻona vodiysining eng qadimgi maskanlaridan biri, kulollar yurti deya eʼtirof etiladigan Rishtonda Oʻzbekistonda yagona boʻlgan kulolchilik majmuasida soʻnggi pardozlash ishlari ketmoqda. Majmua usta kulollar uchun barcha shart-sharoitlarga ega ustaxona va turarjoylar boʻlib qolmay, chet ellik sayyohlarning ham sevimli joyiga aylanishi kutilmoqda.


Prezidentimizning 2019-yil 28-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida yurtimizda yoshlar, ayollar hamda aholining kam taʼminlangan qismini milliy hunarmandchilikka keng jalb qilish va shu orqali ularning ish bilan bandligini taʼminlash maqsadida qator tijorat banklari zimmasiga ustuvor vazifalar yuklatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov boshchiligida Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan barpo etilayotgan Rishton kulolchilik majmuasi ham bu boradagi ishlarning amaliy ifodasidir.


Milliy va zamonaviy meʼmorchilik anʼanalari uygʻunlashgan Rishton kulolchilik majmuasi 20 nafar kulol-hunarmand uchun ikki qavatli (shundan birinchi qavati ustaxona va savdo doʻkoni) kulolchilik xonadonlari, muzey-galereya va bank xizmatlari markazini oʻz ichiga oladi.

1,1 gektar yer maydonidan iborat majmuani barpo etishda Oʻzsanoatqurilishbank qoshidagi “SQB Capital” kompaniyasi tomonidan 19 mlrd. soʻmlik bunyodkorlik ishlari bajarildi. Eʼtiborlisi, majmuani barpo etish jarayonida rishtonlik hunarmandlar, xususan, usta kulollar bilan kengashib ish olib borildi. Natijada har bir turarjoy oʻziga xos meʼmoriy yechimga, taʼbir joiz boʻlsa, meʼmorlarning dastxatiga ega boʻldi.


Majmua ishga tushirilishi bilan 230 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilishi hamda hunarmandlar tomonidan yaratilgan nodir mahsulotlar xorijga eksport qilinishi koʻzda tutilgan. Ayni paytda majmuadagi koʻrgazma-muzey milliy amaliy sanʼatimiz namunalari bilan tanishish, qolaversa, kulolchilik asarlarini yaratilishini kuzatish imkoniyati Rishtonning sayyohlik salohiyatini oshishiga ham xizmat qiladi.

Shu bilan birga ayni kunlarda majmuaga yondosh “Xoʻja Rushnoiy” tarixiy yodgorligi majmuasi ham Oʻzsanoatqurilishbank homiyligida kapital taʼmirlanib, obodonlashtirish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.


Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan barpo etilayotgan Rishton kulolchilik majmuasi hamda tiklanayotgan “Xoʻja Rushnoiy” tarixiy yodgorligi milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga, kerak boʻlsa, yanada sayqal topgan holda kelajak avlodga yetkazilishiga, dunyo xalqlarini xalqimizning betakror maʼnaviy olami bilan tanishtirishga xizmat qiladi.


Bank Axborot xizmati


Oxirgi yangilanish sanasi: 15.10.2020 11:34

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.