,
10.12.2019

Korrupsiyaga qarshi tizimli kurash olib borilmoqda

Korrupsiyaga qarshi tizimli kurash olib borilmoqda

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O’zsanoatqurilishbank Bosh ofisida bankning tarkibiy bo’linmalari xodimlari uchun seminar tashkil etildi. Videokonferensiya tarzida bo’lib o’tgan tadbirda barcha filiallar rahbar xodimlarining ham ishtiroki ta’minlandi.

O’zbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvarda kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risida”gi Qonuni, Prezidentimizning 2017-yil 2-fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarori hamda joriy yil 27-maydagi “O’zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida aniq mexanizm va davlat dasturlari ishlab chiqilgan.

Seminarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari, korrupsiyaning yuzaga kelishi va korrupsiyaviy jinoyatchilikning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy hamda psixologik sabablari haqida tushuncha berildi. Bank sohasida korrupsiyaning yuzaga kelish omillari muhokama etildi.

– Bankimiz tomonidan korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Bankning Yuridik departamenti bosh mutaxassisi Shaxbozxon Ismoilov. – Xodimlarning huquqiy bilim va ko’nikmalari muntazam oshirib borilmoqda, ularga qulay mehnat sharoiti yaratilmoqda, moddiy va ma’naviy rag’batlantirish kuchaytirilmoqda, shuningdek, rahbar xodimlar o’rtasida boshqaruvning adolatli, qarindosh-urug’chiliksiz belgilangan tartiblar asosida borishi qat’iy nazoratga olinmoqda.

Qayd etib o’tamiz, 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni 2003-yil 31-oktyabrda BMT Bosh Assambleyasida Korrupsiyaga qarshi konvensiya imzolanganidan so’ng e’lon qilingan. Xalqaro miqyosda esa ushbu kun 2004-yildan boshlab har yili nishonlanadi.

Bank Axborot xizmati


Oxirgi yangilanish sanasi: 11.12.2019 13:09

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.