31.07.2019

Kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi

Kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Binobarin, oxirgi ikki yarim yilda davlatimiz rahbarining ushbu sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan ellikdan ortiq farmon va qarorlari qabul qilingani buning amaliy ifodasidir.

O‘zsanoatqurilishbankda ham bu yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bank tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga xizmat ko‘rsatish, xususan, kredit ajratish tizimi soddalashtirilmoqda. “Har bir oila tadbirkor” davlat dasturi ijrosi doirasida biznes boshlash istagini bildirgan yurtdoshlarimizga imtiyozli kreditlar taqdim etilmoqda.

Bugungi kunda bank tomonidan bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, tadbirkorlar uchun kompleks xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash ustida ish olib borilmoqda.

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB qoshida tashkil etiladigan “SQB Consulting” konsalting markazining faoliyati ham ayni maqsadga qaratilgan.

Markazda kredit so‘rab murojaat qilgan mijozlar uchun kredit olish uchun zarur hujjatlarni to‘plash, biznes rejalar ishlab chiqish, garovni baholash, auditorlik xulosalari, narx-navo ekspertizasi, garovni sug‘urtalash va notarial idoralardan ro‘yxatdan o‘tkazish va injiniring xizmatlari (nazorat o‘lchovi, texnik nazorat xizmatlari, arxitektura rejalashtirish topshiriqlari, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlash) singari xizmatlar ko‘rsatiladi.

E’tiborlisi, konsalting markazida mazkur xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatiladi. Bunda markaz tomonidan tayyorlab berilgan hujjatlar uchun oldindan haq olinmaydi, ya’ni bank tomonidan taqdim etiladigan kredit barcha konsalting xarajatlarini to‘liq qamrab oladi.

Bank tomonidan kredit ajratilishida rad javobi berilgan taqdirda mijozdan ko‘rsatilgan konsalting xizmatlari uchun hech qanday haq undirilmaydi.

Muxtasar aytganda, yangi xizmat turi O‘zsanoatqurilishbank tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va salmog‘ini yanada yaxshilash, ajratilayotgan kreditlar samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘ladi.

Bank Axborot xizmati

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.