31.05.2019

Bankning qoraqalpog‘istonlik bolalarga bayram tuhfasi

Bankning qoraqalpog‘istonlik bolalarga bayram tuhfasi

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida Qoraqalpog‘istonda yana bir xayrli loyiha amalga oshirildi.

Yurtimizda bayramlar bisyor. Ular orasida 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunining ahamiyati katta. Binobarin, davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim tizimiga, ayniqsa, maktabgacha ta’lim tizimiga ko‘rsatilayotgan e’tibor natijasida bu sanani nishonlashga bo‘lgan sabablar soni yanada ortmoqda.


Ma’lumki, Prezidentimizning 2018-yil 5-apreldagi qaroriga muvofiq, O‘zsanoatqurilishbankka Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2018-yilda davlat-xususiy sherikchilik asosida 179 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish uchun imtiyozli kredit mablag‘larini ajratish vazifasi yuklatilgan.

O‘tgan bir yildan oshiqroq vaqt mobaynida Qoraqalpog‘istonning barcha tumanlarida peshma-pesh xususiy bog‘chalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Asosiysi, ushbu tashabbus yillar davomida e’tibordan chetda qolgan eng chekka ovullarni ham qamrab olmoqda.

Yaqinda O‘zsanoatqurilishbank tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yana ikkita – “Childrens Leon Kids” (Chimboy tumani) va “Dochki Sinochki” (Taxiatosh) maktabgacha ta’lim muassasasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.


Muhtasham, bolajonlar uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan ushbu bog‘chalar jami 250 nafar jajji qalb sohiblarini o‘z bag‘riga oladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarni ma’rifatli etib kamol toptirish, kitobga, sportga va musiqaga mehr qo‘yishlari uchun sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ushbu ezgu tashabbus doirasida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Childrens Leon Kids” va “Dochki Sinochki” maktabgacha ta’lim muassasalariga milliy cholg‘u asboblari hamda sport anjomlari topshirildi. Bolajonlarga esa o‘yinchoq va sovg‘a-salomlar ulashildi.


Xalqaro toifadagi sudya, FIFA referisi Ravshan Irmatov sport bilan do‘stlashish nechog‘li muhimligi haqida bolajonlarga hikoya qilib berdi.

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Maxset O‘temuratovning musiqiy chiqishlari bayramga yanada ko‘tarinki ruh baxsh etdi.


Bank Axborot xizmati

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.