Boshqaruv raisining murojaati

Hurmatli aksiyadorlar, hamkorlar va hamkasblar !


Hisobot yilida amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qilar ekanmiz, kelgusidagi rivojlanish istiqbollarini belgilab olish maqsadida ijozatingiz bilan Sizga asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha 2016 yilda erishgan natijalarimizni havola etamiz.


Bankning kapitallashuv darajasini oshirish to‘g‘risidagi Hukumat qarorlariga asosan, kapitalni yetarlicha shakllantirish va o‘sib borishini ta’minlash, uzoq muddatli resurs bazasini mustahkamlash - 2016 yilda ham bankning eng muxim vazifalari bo‘lib qoldi. Aksiyalar bahosini oshirilishi, qo‘shimcha chiqarilgan yangi aksiyalarni sotilishi, shuningdek zahira kapitalini o‘stirib borilishi natijasida ustav kapitali va o‘z navbatida bank umumiy kapitali sezilarli ravishda ortdi. 


Shu bilan bir vaqtda, dasturlar asosida hududlarda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish hamda zamonaviy bozor infratuzilmalarini tashkil etish ishlariga munosib hissa qo‘shildi.
Bazaviy tarmoqlarga, yoqilg‘i-energetika tizimi majmuasiga yo‘naltirilayotgan maqsadli investitsiyalar yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni joriy qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini texnik va texnologik qayta jihozlash, modernizatsiya ishlarini yanada kengaytirishga sharoit yaratmoqda.


2016 yilda “O‘zbekneftgaz” MXK, “O‘zbekenergo” DAK, “O‘zkimyosanoat” DAK va boshqa tarmoqlarning muhim ahamiyatga ega loyihalarini moliyalashtirish ishlari davom ettirildi.
Hisobot yilida o‘z oldimizga qo‘ygan ustuvor vazifalarimiz doirasida korxonalarda ishlab chiqarishni tashkil qilish, ularni aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash, yangi turdagi mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun sarmoyalar kiritildi. 


2016 yil aprel oyida o‘tkazilgan “BankExpo” bank faoliyati texnologiyalari, uskunalari va xizmatlari milliy ko‘rgazmasi yakunlariga ko‘ra “Eng faol investitsiya banki” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritilishi bankimizning 2016 yilda investitsion faoliyat bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishganidan dalolat beradi. 


Shu bilan birga, bank VII-Toshkent xalqaro moliyaviy investitsiyalar forumida faol ishtirok etib, “Yilning eng yaxshi banki” sifatida “Oltin portfel” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldik.
Tijorat banklari orasida chakana xizmatlar sohasidagi yetakchilik mavqeini saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlardan samarali foydalanildi. 2016 yilda aholi omonatlarini bankka jalb qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov yakunlariga ko‘ra, “Yagonasan Vatanim” jamg‘arma omonati bank tizimida “Milliy valyutadagi eng yaxshi jamg‘arma omonati” deb topildi. Shuningdek, Al-Xorazmiy filialining Karvon minibanki “Shaharlarda aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha yilning eng yaxshi minibanki” nominatsiyasida ikkinchi o‘rinni, Qo‘ng‘irot filialining 1-sonli jamg‘arma kassasi “Qishloq joylarda aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha yilning eng yaxshi jamg‘arma/maxsus kassasi” nominatsiyasida ikkinchi o‘rinni egalladi.


Bundan tashqari, hisobot yilida aholi bandligini ta’minlash va turmush farovonligini oshirishning muhim yo‘nalishi sifatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, xizmatlar sohasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish ishlariga bankimiz o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. 
O‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan kollej bitiruvchilariga, faoliyatini endi yo‘lga qo‘yayotgan va kengaytirayotgan tadbirkor ayollarga e’tibor kuchaytirildi. 
Biz mijozlarga yuqori sifatli zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatish uchun doimo tayyormiz.


Vaqt davomida sinalgan ishonch, mahoratli boshqaruv tizimi, tezkor ravishda yechimlar topish – bankning moliyaviy natijalarini yildan yilga yaxshilash uchun imkoniyat yaratmoqda.
Hisobot yilida nufuzli “Standard&Poor`s” va “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentliklari O‘zsanoatqurilishbankning xalqaro kredit reytinglarini “Barqaror” prognozi bilan “V” darajada tasdiqlashdi.
Shu bilan birga, “Ahbor-Reyting” reyting agentligi tomonidan bankimizga milliy shkala bo‘yicha “Barqaror” prognozi bilan “uzA+” darajasida reyting berilishi ham 2016 yildagi faoliyatimiz yakunlarini yana bir bor e’tirof etilganligini ko‘rsatdi. 


Respublikamiz Hukumati tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingan 2017 yilda bankimizni yanada rivojlantirish uchun biz bir qator yangi vazifalarni amalga oshirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.


Xususan, iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, mamlakat iqtisodiy dasturining ustuvor yo‘nalishlarini, strategik ahamiyatga molik bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha faol investitsiya siyosati yuritish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, axborot-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish – 2017 yildagi eng muxim vazifalarimiz bo‘ladi.
Erishgan yutuqlarimiz va 2017 yil uchun rejalashtirgan ishlarimiz Bankning va mijozlarimizning kelgusida yanada muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun xizmat qilishiga ishonamiz.


Ijozatlaringiz bilan Aksiyadorlarga, Mijozlarimizga va Hamkorlarga bankimizga bo‘lgan ishonchlari va qo‘llab-quvvatlashgani uchun samimiy minnatdorchiligimizni izhor etamiz. Ishonchimiz komilki, bankda to‘plangan barcha imkoniyat va salohiyatlar eng muxim bo‘lgan “Bank-Mijoz” aloqasini mustahkamlashga yo‘naltirilganligi - bizning o‘zaro manfaatli hamkorligimiz kelgusida ham muvaffaqiyatli davom etishiga keng yo‘l ochadi.



Hurmat va eng samimiy tilaklar bilan,
Boshqaruv Raisi

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.