Aksiyadorlar umumiy yig'ilishi

Aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi Bankning yuqori boshqaruv organidir


Bank har yili aksiyadorlarning umumiy yig’ilishini (aksiyadorlarning yillik umumiy yig’ilishini) o’tkazishi shart. Aksiyadorlarning yillik umumiy yig’ilishi moliya yili tugaganidan keyin 6 (olti) oydan kechiktirmay o’tkaziladi.


Aksiyadorlarning yillik umumiy yig’ilishida Bank Kengashini va Bank taftish komissiyasini a'zolarini saylash to’g’risidagi, Bank Boshqaruv Raisi va a'zolari bilan tuzilgan shartnomaning muddatini uzaytirish, uni qayta tuzish yoki bekor qilish mumkinligi haqidagi, shuningdek qonunchilikda  nazarda tutilgan boshqa masalalar ko’rib chiqiladi. 


Yig’ilishini o’tkazish sanasi va tartibi, yig’ilish o’tkazilishi haqida bank aksiyadorlariga xabar berish tartibi, Aksiyadorlarning umumiy yig’ilishini o’tkazishga tayyorgarlik vaqtida aksiyadorlarga beriladigan materiallarning ro’yxati Bank Kengashi tomonidan belgilanadi.


Bankning ovoz beruvchi aksiyalarining hammasi bo’lib kamida bir foiziga egalik qiluvchi aksiyadorlar (aksiyador) Bankning moliya yili tugaganidan keyin 1 martdan kechiktirmay,  Aksiyadorlarning yillik umumiy yig’ilishi kun tartibiga masalalar kiritishga hamda Bank Kengashi va Taftish komissiyasiga bu organning miqdor tarkibidan oshmaydigan tarzda nomzodlar ko’rsatishga haqli.

Umumiy yig’ilish kun tartibiga qo’yilayotgan masala uni qo’yish sabablarini, masalani taklif etayotgan aksiyador (aksiyadorlar)ning nomini, unga tegishli aksiyalarning soni va turi ko’rsatgan holda yozma ravishda kiritiladi. Bank Kengashi va Taftish komissiyasiga nomzodlar ko’rsatish, shu jumladan o’zining nomzodini ko’rsatish to’g’risida taklif kiritilganda, nomzodning ismi, basharti nomzod Bank aksiyadori bo’lsa, unga tegishli aksiyalarning soni va turi, shuningdek nomzodni ko’rsatayotgan aksiyadorlarning nomi (ismi), ularga tegishli aksiyalarning soni va turi ko’rsatiladi.


Aksiyadorlarning yillik umumiy yig’ilishidan boshqa o’tkaziladigan umumiy yig’ilishlar navbatdan tashqari yig’ilish hisoblanadi. Aksiyadorlarning navbatdan tashqari Umumiy yig’ilishi Bank Kengashining qarori bilan uning o’z tashabbusiga binoan, Taftish komissiyasi talabiga ko’ra, shuningdek talab taqdim etilgan sanada Bankning ovoz beruvchi aksiyalarining kamida 5 (besh) foiziga ega bo’lgan aksiyador (aksiyadorlar)ning talabi bilan o’tkaziladi.



Aksiyadorlar umumiy yig’ilishining vakolat doirasiga quyidagilar kiradi:


  • Bank Ustaviga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish yoki Bankning yangi tahrirdagi Ustavini tasdiqlash
  • Bankni qayta tashkil etish
  • Bankni tugatish, tugatuvchini (tugatish komissiyasini) tayinlash hamda oraliq va yakuniy tugatish balanslarini tasdiqlash
  • Bank Kengashining son tarkibini belgilash, ularning a'zolarini saylash va a'zolarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish
  • e'lon qilingan aksiyalarning eng yuqori miqdorini belgilash
  • Bankning ustav kapitalini ko’paytirish yoki kamaytirish
  • Bankning o’z aksiyalarini olish
  • Bankning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash
  • Bankning Taftish komissiyasining a'zolarini saylash va ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish, shuningdek Taftish komissiyasi  to’g’risidagi nizomni tasdiqlash
  • Bankning yillik hisobotlarini tasdiqlash
  • Bankning foyda va zararlarini taqsimlash
  • Bank Kengashining va Taftish komissiyasining o’z vakolat doirasiga kiradigan masalalar yuzasidan, shu jumladan Bankni boshqarishga doir qonun hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishi yuzasidan Bank Kengashining hisobotlarini va Taftish komissiyasining xulosalarini eshitish
  • Aksiyadorlar umumiy yig’ilishining reglamentini tasdiqlash
  • Bank aksiyalarini maydalash va yiriklashtirish
  • qonun hujjatlarida ko’rsatilgan hollarda yirik bitimlar tuzish haqida qarorlar qabul qilish
  • qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda Bankning affillangan shaxslari bilan bitimlar tuzish haqida qarorlar qabul qilish
  • qonun hujjatlari va Bank Ustaviga muvofiq boshqa masalalarni hal etish


Aksiyadorlar umumiy yig’ilishining vakolat doirasiga kiritilgan masalalar Bank Boshqaruvi hal qilish uchun berilishi mumkin emas. Aksiyadorlar umumiy yig’ilishining vakolat doirasiga kiritilgan masalalar Bank Kengashi hal etishi uchun berilishi mumkin emas, quyidagi masalalar bundan mustasno:


  • Bankning ustav kapitalini ko’paytirish, shuningdek Bank Ustaviga ustav kapitalini ko’paytirish bilan bog’liq o’zgartish va qo’shimchalar kiritish
  • Aksiyalarni joylashtirish (qimmatli qog’ozlarning birja bozoriga va uyushgan birjadan tashqari bozoriga chiqarish) narxini belgilash
  • Bank tomonidan korporativ obligasiyalar, shu jumladan aksiyalarga ayirboshlanadigan obligasiyalar chiqarish to’g’risida qaror qabul qilish
  • Qimmatli qog’ozlarning hosilalarini chiqarish to’g’risida qaror qabul qilish
  • Bankning korporativ obligasiyalarini qaytarib sotib olish to’g’risida qaror qabul qilish
  • Bank Boshqaruvi (ijroiya organi)ni tuzish, Bank Boshqaruvi Raisini tayinlash, uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish
  • Bank Boshqaruvi organiga to’lanadigan haq va kompensasiyalar miqdorlarini belgilash
  • Bankning yillik biznes-rejasini tasdiqlash

«UzPSB Mobile»

Bankning jismoniy mijozlariga mo'ljallangan ilova bo'lib, iOS va Andorid operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini taqdim etadi.