,
12.12.2018

Sanoat Qurilish Bank parrandachilikning noyob turlarini rivojlantirish yo‘lida

Betakror iqlim sharoitiga ega yurtimizda barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini mahalliylashtirish imkoni mavjud. Bu borada hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan shart-sharoit va imtiyozlar esa alohida ahamiyatga molikdir.

Biroq, shunga qaramay, import nomenklaturasida iste’mol mahsulotlari turi hamon kamaymayotir. Birgina parrandachilik sohasini oladigan bo‘lsak, ishlab chiqarish tarmoqning an’anaviy turlari bilan cheklanib qolmoqda. Bu davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan «Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ham qayd etildi.

Unda tovuqdan boshqa kurka, bedana g‘oz, o‘rdak, tuyaqush, kaklik kabi parranda turlarini yetishtirishni ommalashtirish sust borayotgani, mahsulotlarni qayta ishlash darajasi pastligi, jumladan, parranda chiqindilarini chuqur qayta ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilmagani tilga olinib, mazkur muammolar yechimi yuzasidan qator vazifalar belgilandi.

E’tiborlisi, qaror qabul qilinganiga ko‘p fursat o‘tmagan bo‘lsa-da, bu boradagi ishlarning ilk samaralari ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida birgina Qashqadaryo viloyatida o‘ndan ziyod parrandachilik korxonasi tashkil etilib, ularda 25 mingga yaqin parranda parvarish qilinmoqda.

Yaqinda yana bir ana shunday yangi korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu Qamashi tumani “Qiziltepa” MFY hududidagi “Azza parranda servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘lib, u 25 yildan buyon qarovsiz yotgan tashlandiq yerda barpo etildi. 

Korxonaga tegishli loyiha Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil fevral oyida Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida tasdiqlagan. U yurtimizda sanoat usulida yetishtirishga qaratilgan parrandachilikning noyob yo‘nalishi - kurkachilikka ixtisoslashganligi bilan ahamiyatlidir.

Loyihaning umumiy qiymati 42 mlrd. co‘mni tashkil etadi. Uning qariyb 70 foizi Sanoat Qurilish Bank tomonidan ajratildi. Ushbu mablag‘larga 8 ta sex barpo etildi, Germaniya va Isroil davlatlaridan zamonaviy uskuna va texnologiyalar olib kelinib, o‘rnatildi. 50 nafar qamashilik yigit-qiz doimiy ishga jalb qilindi.

- Majmuada ayni paytda kurkaning 34 mingta noyob xaybred konverter turi parvarish qilinmoqda, - deydi tadbirkor A’zam Zohidov. - Ularning o‘ziga xos xususiyatlari - tez o‘suvchanligi, mahsuldorligi hamda hushta’mligidir. Agar mahalliy kurkalar 6 oydan 1 yilgacha boqilganda tirik vazni 4-5 kg.ni tashkil etsa, xaybred konverterning og‘irligi atigi 4 oyda 20-28 kg.gacha yetadi. Yanada aniqroq aytganda, joriy yilning o‘zida korxona tomonidan 1100 tonna kurka go‘shti yetkazib berilishi rejalashtirilgan. 

Ha, va’da qilinayotgan raqam katta! Biroq, bunga asos ham yetarli. Kelgusi yilda “Azza parranda servis” negizida yana 8 ta sex qurilishi hamda ularga yuzga yaqin ishchi kuchi jalb qilinishi mo‘ljallangan. Asosiysi, galdagi loyihada bugungi ishlarga kurka go‘shtini qayta ishlab, tayyor mahsulot holiga keltirish, qo‘yingki, parrandachilik klasterini tashkil etish maqsad qilingan.

- Mazkur korxona O‘zbekistonda kurkachilikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi rossiyalik mutaxassis Aleksandr Ruschak. - Uning tuman markazidan ancha uzoqda joylashganligi ham e’tiborga molikdir. Bu atrofdagi qishloqlarda yashovchi aholining ish bilan bandligini ta’minlashga xizmat qiladi. Kurka go‘shti xususiyati haqida to‘xtalib, uning inson salomatligida o‘rni beqiyosligini qayd etish joiz. Qandli diabet kasalligida davo. Tez hazm bo‘luvchi mahsulotlar qatorida doim keksalar va bolalar ovqat ratsioniga kiritib kelingan.

Korxonada ish 3 bosqichda tashkil qilingan. Birinchi bosqichda tuxum olib kelinib, inkubatorda ochiriladi, keyin jo‘jalar parvarishlanadi. So‘nggi bosqichda esa voyaga yetib, o‘z iste’molchisiga yetkazib beriladigan kurkalar saqlanadi. 

Umuman aytganda, yaqin yillarda mamlakatimizda raqobatbardosh parranda mahsulotlari ishlab chiqarish orqali aholining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan talabini barqaror va maqbul narxlarda ta’minlashga erishiladi. Sohada eksport salohiyat oshib, import amaliyotlar mos ravishda qisqaradi.

Muxtasar qilib, iqtisodiy barqarorlik asosida ijtimoiy farovonlikka erishiladi, deyish mumkin.

Bank Axborot xizmati


Дата последнего обновления: 12.12.2018 15:48

«UzPSB Mobile»

UzPSB Mobile - является официальной мобильной системой для оказания удаленных банковских услуг физическим лицам