,
19.11.2018

Rebrending: “Sanoatqurilishbank” — takomillashuv sari katta qadam


Bugun (2018-yil 19-noyabr) “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan olib borilgan rebrending ishlari yakuni ommaviy e’lon qilindi. Shu maqsadda poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida matbuot anjumani tashkil etilib, unda jurnalistlar bankning yangi imiji bilan bog‘liq barcha savollariga javob oldilar.

Bank nomi endilikda “Sanoatqurilishbank” deya yuritiladi

Yangi brend bank logotipi o‘zgarishi bilan birgalikda biznes jarayonlar, xizmatlar sifati va mahsulot turlarining ham takomillashuvini anglatadi. 

“Sanoatqurilishbank”ning transformatsiya qilinishi, o‘z navbatida bank rivojlanish strategiyasini butkul yangilashni nazarda tutadi. Buning uchun Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) hamda Rossiya banklaridan eng tajribali mutaxassislar jalb qilindi.

Bank imijini o‘zgartirish bilan bog‘liq dasturning dastlabki bosqichida mijozlar xohish-istaklari va bank tizimining hozirgi holati batafsil o‘rganib chiqildi. O‘tkazilgan so‘rovlar xizmatlar sifati bankni tanlashdagi asosiy omil ekanligini ko‘rsatdi. So‘rovnomada ishtirokchilar ikkinchi muhim omil sifatida xizmat ko‘rsatish tezligini tanlashdi. Bu bejizga emas. Bugungi jamiyat kishilari vaqtini navbat kutib o‘tkazish va/yoki bank xodimlari bilan uzoq muzokaralar olib borishni yoqlamaydi. 

Shuningdek, so‘rovlarda bank xizmatlari uchun tariflar miqdori, mahsulotlar turining kengligi, internet-banking imkoniyatlari hamda bank ofislarining qulayligi kabi masalalar ham alohida o‘rin oldi.

Mijozlarga yo‘naltirilgan model

Tahlil natijalari asosida biznesning eng muhim 12 yo‘nalishini qamrab olgan bankni transformatsiya qilish dasturi ishlab chiqildi. 

Bank mijozlar bilan mustahkam munosabat o‘rnatishda jahon amaliyotida o‘zini oqlagan uslub — mijozlarga yo‘naltirilgan model bo‘yicha ish olib borishni maqsad qildi. Bunda bank har bir mijoz ehtiyojidan kelib chiqib, ular uchun manfaatli bo‘lgan moliyaviy xizmat va mahsulotlarni taklif qiladi. Ularga yangicha uslubda xizmat ko‘rsatiladi, xizmatlar tariflari muvofiqlashtiriladi. 

Shuningdek, endilikda “Yashil bank” loyihasi doirasida atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar alohida qo‘llab-quvvatlanadi. Strategik sarmoyadorlarni jalb qilish, kreditlash jarayonini soddalashtirish ishlari kuchaytiriladi.

Axborot tizimlarini to‘liq o‘zgartirish, biznes jarayonlarni qayta ko‘rib chiqish va filiallar texnik ta’minotini modernizatsiya qilish hisobiga xizmat ko‘rsatish tezligi oshiriladi. 

Tanaffussiz ish tartibi!

“Sanoatqurilishbank” tizimida ish vaqti grafigida tushlik uchun tanaffus bekor qilinadi. Buning uchun xodimlar ish rejimi smenali tarzda yo‘lga qo‘yiladi.

Bank mahsulotlari ham transformatsiya qilinib boriladi. Jumladan, amaldagi xizmat va mahsulotlar soddalashtiriladi, ular doirasi mutloqo yangi turlari bilan yanada boyitiladi.

Yangi rivojlanish strategiyasi doirasida “Sanoatqurilishbank” ATBning barcha ofislarida xizmat ko‘rsatishning shakl-shamoyili butkul o‘zgartirilmoqda. Qator filiallarda xizmat ko‘rsatish bo‘limlari faoliyati qaytadan yo‘lga qo‘yildi. Bu maqsad yo‘lidagi rekonstruktsiya ishlari joriy yil yakuni va 2019-yil mobaynida faol davom ettirilib, yakuniga yetkaziladi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Sanoatqurilishbank” ATB yangi imij, yangi qiyofa bilan xizmat ko‘rsatish, jihozlanish hamda biznes jarayonlarni mukammal tarzda yo‘lga qo‘yib, xalqaro standartlarga to‘liq javob bera oladigan respublikamizning ham yetakchi, ham zamonaviy moliya muassasasiga aylanishi kutilmoqda.

Yangi logotip ta’rifi

Bankning uch rangli yumaloq shakldagi yangi logotipi “O‘zbekiston” so‘zining uch tildagi (o‘zbekcha - «O’», ruscha - «U» va inglizcha - «U») bosh harflari birlashuvini bildiradi.

Bu tanlov bankning mamlakat sanoat ishlab chiqarishi, shaharsozlik va qishloqlar infratuzilmasiga doir yirik loyihalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etib, bevosita davlatning moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlashida sodiqligini anglatadi.

«O’» - ittifoqchilik ramzi;

«У» - bahamjihatlikda harakat qilish;

«U» - bank ichki hayotidagi shiddatli va dinamik jarayonlar. 

Ranglar borasida esa yangi logotipda bankning sanoat va qurilish tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashdagi asosiy vazifalari tasvirlangan. Jumladan, kul rang - metall, qizil rang - metalni eritib, kesishdagi olov ko‘rinish, ko‘k rang esa sanoat mahsulotlarining ajralmas elementi - suvni ifodalaydi.

“Sanoatqurilishbank” — mukammallik sari yo‘lboshchi!



Дата последнего обновления: 23.11.2018 16:48

«UzPSB Mobile»

UzPSB Mobile - является официальной мобильной системой для оказания удаленных банковских услуг физическим лицам