,
22.04.2019

O‘zsanoatqurilishbank yirik tarmoqlardagi loyihalarni moliyalashtirishda o‘z imkoniyatlarini kengaytirmoqda

O‘zsanoatqurilishbank yirik tarmoqlardagi loyihalarni moliyalashtirishda o‘z imkoniyatlarini kengaytirmoqda

Bugun, 2019-yil 22-aprel kuni poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan iqtisodiyotning yirik tarmoqlaridagi loyihalarni moliyalashtirish borasida belgilangan chora-tadbirlar, erishilgan natija va muammolar yechimiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda Bank Boshqaruv Raisi o‘rinbosari Zafar Azimov so‘z olib, O‘zsanoatqurilishbank faoliyatidagi strategik vazifalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga hamohang tarzda olib borilayotganini ta’kidladi.

– Xususan, iqtisodiyot real sektorini modernizatsiyalash, yirik ishlab chiqarish ob'yektlarini barpo etish va ularning barqaror faoliyat yuritishini ta’minlashda Bankimiz hissasi yildan yilga oshib bormoqda, – deydi Z.Azimov. – Bank tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalarning aksariyati davlatimiz rahbarining bevosita hududlarga amalga oshirayotgan tashriflari davomida tasdiqlanayotgan bo‘lsa, ayrimlari hukumat miqyosidagi qarorlar hamda dasturlarda aks etmoqda. E’tiborlisi, mazkur sa’y-harakatlar xorijiy ekspertlar tomonidan yuqori baholanib, Bankimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga omil bo‘lmoqda.

Darhaqiqat, tijorat banklarining iqtisodiyot real sektorini kreditlashdagi faoliyati yangi ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish, faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni texnik va texnologik yangilash hamda shuning asnosida iqtisodiyotning barqaror va dinamik o‘sishini ta’minlab, yangi ish o‘rinlarining barpo etilishiga munosib hissa qo‘shmoqda. Prezidentimizning 2018-yil 21-dekabrdagi “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, faoliyati samaradorligini oshirish va kredit siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa moliya muassasalarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yanada kuchaytirdi.

Bugungi kunda O‘zsanoatqurilishbank tizimida iqtisodiyotning yirik tarmoqlaridagi loyihalarni moliyalashtirish mazkur qarorda qayd etilgan vazifalar doirasida keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Xorijiy kredit liniyalari faol jalb qilinib, moliyaviy imkoniyatlari oshirilmoqda, kredit portfelini taqsimlashda yuqori samarali loyihalarga katta e’tibor qaratilmoqda. Biznes jarayonlarni avtomatlashtirish, shu jumladan, korporativ mijozlarga mo‘ljallangan masofaviy xizmatlarni yangilash ishlari kuchaytirilmoqda.


Matbuot anjumanida Bankning Korporativ mijozlarni moliyalashtirish departamenti direktori Shoxpur Gulto‘rayev tomonidan ana shular xususida taqdimotli chiqish namoyish etildi.

Ta’kidlanganidek, katta ishlab chiqarish (yoki xizmat ko‘rsatish)ga ega korxonalarning loyihalari O‘zsanoatqurilishbankning o‘z mablag‘laridan tashqari chet el moliya muassasalari kredit liniyalari hisobidan moliyalashtirilmoqda.

Bunda Yevropaning Sredit Suisse (Shveytsariya), Raiffeisen Bank International AG (Avstriya), Landesbank Baden-Wuerttemberg, Commerzbank, ODDO BHF, KFW Ipex-Bank (Germaniya), Gazprombank, «AK BARS Bank» (Rossiya), «Shinhan Bank» (Janubiy Koreya), shuningdek, Xitoy, Turkiya va Janubiy Koreya Eksimbanklari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Osiyo taraqqiyot banki mablag‘laridan esa Bank asosan Davlat investitsiya dasturlaridan o‘rin olgan loyihalarni moliyalashtirishda foydalanmoqda.

– Bundan tashqari, bugungi kunda Bankimiz tomonidan ishlab chiqarish ob'yektlarining atrof-muhitga zararli ta’sirini kamaytirish va energiya tejamkorligini oshirishga qaratilgan “Green banking” tizimi asosida moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda, – deydi Sh.Gulto‘rayev.

Yirik tarmoqlardagi loyihalarni moliyalashtirishda Bank qoshida tashkil etilgan Investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalarni boshqarish markazi faoliyati alohida ahamiyatga egadir. Markazda mahalliy tadbirkorlar va chet ellik investorlarga “Yagona darcha” tamoyili asosida ham texnik, ham moliyaviy tomonlama “kredit supermarketi” sifatida xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Matbuot anjumanida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan korporativ mijozlar uchun joriy qilingan zamonaviy interaktiv xizmatlar xususida to‘xtalinib, 24/7 rejimida ishlovchi onlayn bank hamda “Korporativ internet-banking” dasturi mahsuli bo‘lgan xorijiy valyutani onlayn buyurtmanoma asosida sotib olish imkonini beruvchi xizmatlar sanab o‘tildi. Mijozlarga masofadan xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan “Korporativ internet banking” va “UzPSB Mobile Business” dasturlari ham yangi xizmatlarga mos ravishda takomillashtirib borilayotgani qayd etildi.

Bank Axborot xizmati


Дата последнего обновления: 22.04.2019 16:56

«UzPSB Mobile»

UzPSB Mobile - является официальной мобильной системой для оказания удаленных банковских услуг физическим лицам