,
27.05.2019

Mijozlar manfaati ustuvor

Mijozlar manfaati ustuvor

Bugun, 2019-yil 27-may kuni poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumani ana shunday nomlandi. Unda ommaviy axborot vositalari xodimlari e’tiboriga yuridik hamda jismoniy shaxslardan Bankka kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha batafsil axborot berildi.

Mamlakatimizda yuridik hamda jismoniy shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishning samarali mexanizmlaridan keng foydalanilmoqda. Bu borada Prezident xalq qabulxonalari hamda virtual qabulxonasining o‘rni alohida ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, O‘zsanoatqurilishbank tizimida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha alohida tuzilma tashkil etilgan. Bankning 45 ta hududiy filialida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul mutaxassislar tayinlangan.


2019-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank orqali hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri jismoniy va yuridik shaxslardan jami 317 ta yozma, og‘zaki va elektron murojaat kelib tushganligini qayd etish mumkin. Mazkur murojaatlarning 105 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qolgan qismi bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirishlar berilgan.

Hududlar kesimida Toshkent shahri (86%), Toshkent (20%), Qashqadaryo (8%), Samarqand (8%), Navoiy (6%), Farg‘ona (5%), viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (5%)dan eng ko‘p murojaat kelib tushgan.

Mavzular doirasida eng ko‘p murojaat jismoniy shaxslar tomonidan iste’mol kreditlari, tadbirkorlar tomonidan esa kichik biznesni kreditlash xizmati bo‘yicha kelib tushgan. Murojaatchilar orasida chakana bank xizmatlari, uy-joy kommunal sohani moliyalashtirish, mehmonxona va maktabgacha ta’lim muassasalari qurishda bank kredit shartlari bilan qiziqqan fuqarolar ham alohida o‘rin egallaydi.


– Bank tizimida har yili jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining tahliliy natijalariga ko‘ra, eng ko‘p murojaat kelib tushgan hududda mahalla fuqarolari yig‘inlari hamkorligida aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazib kelinadi, – deydi Loyiha boshqaruvi va ijro nazorati departamenti jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mirali Mo‘minov. – Joriy yilning o‘tgan davrida ana shunday uchrashuvlar Bank Boshqaruvi Raisi hamda o‘rinbosarlari boshchiligida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida sayyor qabullar shaklida bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarda “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi asosida imtiyozli kreditlash tartiblari va mexanizmlari, shuningdek, yangi masofaviy xizmatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Tadbirkorlar tomonidan taqdim etilgan istiqbolli loyihalar shu joyning o‘zida moliyalashtirish uchun qabul qilindi.

Matbuot anjumanida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan tadbirkorlar va chet ellik investorlarning murojaatlari bilan ishlash tizimiga alohida to‘xtalindi. Ularning talab va istaklariga tezkor yechim topish, muammoli masalalarini hal etishda boshqa tegishli departamentlar jalb qilingani aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, barcha hududlarda tashkil etilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarida ham ishchi-guruh a’zolari tarkibida bankning malakali mutaxassislar ish yurita boshladi.


Bankda, shuningdek xodimlar murojaatlari bilan ishlash tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, har bir xodim mehnat va bank faoliyatiga doir masalalar yuzasidan bank rahbariyatiga ichki Intranet tarmog‘i orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z murojaatlarini yo‘llab kelmoqda.

Matbuot anjumani savol javoblarga boy tarzda o‘tdi. Unda bank rahbariyati hamda tegishli tarkibiy bo‘linmalarning mas’ul xodimlari jurnalistlarning barcha savollariga atroflicha javob berdilar.

Bank Axborot xizmati


Дата последнего обновления: 27.05.2019 14:25

«UzPSB Mobile»

UzPSB Mobile - является официальной мобильной системой для оказания удаленных банковских услуг физическим лицам